Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqovning bir kunlik ish jarayonini kuzatib, undan eksklyuziv intervyu oldi. Hokim 16-may kuni Olmazor tumanidagi mahallalarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi.
Ertalab soat 08:30 da “G‘alaba bog‘i” qarshisidagi 5,6 gektarlik yashil maydonga kelgan Umurzoqov kostyumini yechib, yashil nimcha kiyib, daraxtga o‘g‘it solib, suv quydi. U yerda ko‘chat ekish dasturi bilan tanishdi va 450 tub daraxt ekilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Hokim aholiga murojaat qilib, “Mana shu yerda bir gektarlik ko‘l qilamiz. Saylgoh bo‘ladi. Ertaga farzandlarimiz o‘ynab-kulib yuradi”, dedi. Biroq yig‘ilganlar taklif bildirmadi.
Muxbir hokimga “shaharda daraxt kesilsa, ichingizdan nimalar o‘tadi?” degan savol berdi. Umurzoqov javoban: “Daraxt kasallanmagan bo‘lsa, zaruratsiz kesilsa, fikrim salbiy. Lekin zararlangan daraxtni olib tashlash yoki xalq manfaati uchun bo‘lsa, bitta daraxtni taroziga qo‘yish kerak emas”, dedi.
Keyingi manzil Damariq kanali bo‘yidagi saylgoh qurilishi edi. Hokim Toshkentda 300 km suv qirg‘oqlari borligini, avvallari ular ochilmagan yoki shaxsiy ehtiyoj uchun ishlatilganini aytdi. Shuningdek, avtomashinalarni mahalla ichidan tashqariga parkovka qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida gapirdi.
Umurzoqov farzandlari bilan dam olishga vaqti ozligini, shanba-yakshanba kunlari ham ish ko‘pligini aytdi. “Ishimiz ertalab soat 6-7 da boshlanadi, birpasda 11-12 bo‘lib qoladi. Dam olish kunlari oilam bilan kechki ovqatni markaziy ko‘chalarda qilishga harakat qilaman”, dedi u.
Hokimlik faoliyati haqida so‘zlagan Umurzoqov: “Oldin hokim pul topib, budjetga osilmasdan o‘zi harakat qilish mumkinligi imkonsiz edi. Biz buni o‘zgartirdik. Hozir har bir tumanning o‘z biznes rejasi bor”, dedi.
Hokim Turin politexnika institutida yuzlab olmazorliklar bilan uchrashdi. Bir otaxon yuk mashinalaridan shikoyat qildi. Umurzoqov birdan taqiqlash mumkin emasligini, avval yechim topish kerakligini aytdi.
Hokim OAV va blogerlar bilan muloqot qilishni o‘rganayotganini, tanqid qilinsa, aybni o‘zidan qidirishini aytdi. U muammolar haqida Telegram kanallardan xabar topishini, xabarlarni qo‘l ostidagilarga yuborishini ma’lum qildi.
Muxbirning “nega ayrim kichik muammolar prezident stoligacha boryapti?” degan savoliga Umurzoqov: “Murojaat ko‘payayotganiga xursand bo‘lishimiz kerak. Prezidentimiz stoliga yetib borgani – buni davlat rahbari xohlaganidan”, deb javob berdi.
Suhbat so‘ngida hokim: “Farzandlarimni bu falonchi insonning farzandi, yo navarasi, deb yaxshi gapirsa bo‘ldi. Hech bo‘lmasa, yomonlamasa ham bu lavozimda katta yutuq”, dedi.
Source: www.gazeta.uz