Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida may oyida do‘l bulutlariga qarshi ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borildi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 1, 11 va 12-may kunlari jami 57 dona “Alazan-6” do‘lga qarshi vositasi qo‘llanilib, do‘l jarayoni zaiflashtirilgan.
O‘zgidromet huzuridagi Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmati Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining do‘l faolligi yuqori bo‘lgan hududlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini salbiy gidrometeorologik hodisalardan himoya qilish ishlarini olib bormoqda.
So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi oqibatida O‘zbekistonda bahor mavsumida qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchiliklar – yomg‘ir, jala va do‘l holatlari ko‘paygan. Yog‘in miqdori kamaymagan bo‘lsa-da, ular qisqa vaqt ichida yog‘ayotgani sabab sel va suv toshqinlari kuzatilmoqda.
O‘tgan yillar tahliliga ko‘ra, bahor va yoz mavsumlarida do‘lli jarayonlar kuzatilgan kunlar soni 2020-yilda 33 kun, 2021-yilda 34 kun, 2022-yilda 29 kun, 2023-yilda 24 kun, 2024-yilda 40 kunni tashkil etgan. 2025-yilda esa hozirgacha 13 kun qayd etilgan.
O‘zgidromet konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borilganidan keyin ham qisqa muddatli do‘l hodisalari kuzatilishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, do‘lga qarshi kurash mavsumida xizmat bo‘linmalari shtat rejimida faoliyat yuritayotgani va konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari davom ettirilayotgani bildirildi.
Source: www.gazeta.uz