Toshkentda so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 5 ming so‘mdan sotilayotgan kolbasa mahsulotlari haqida videolar tarqaldi. Kadrlarda kolbasa ochiq havoda, muzlatgichsiz sotilayotgani, uning kelib chiqishi va tarkibi noma’lumligi ko‘rsatilgan.
Kun.uz muxbiri Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi boshqarmasiga murojaat qildi. Boshqarma matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kolbasaning tarkibi noma’lum, mahsulot sifati tasdiqlanmagan, ishlab chiqaruvchi, tarkibi va yaroqlilik muddati haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Sanitariya talablariga ko‘ra, mahsulot qadoqida ishlab chiqaruvchi, tarkibi, saqlash sharoiti va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart. Ushbu ma’lumotlarsiz mahsulot iste’molga yaroqsiz hisoblanadi va inson salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Boshqarma xabariga ko‘ra, kolbasa sotuvchilari ikki marta ogohlantirilgan, jarima qo‘llanilgan va katta partiyadagi mahsulot yo‘q qilingan. Biroq, mahsulotning tarkibi va xavflilik darajasini aniqlash uchun laboratoriya tekshiruvi o‘tkazilmagan.
Videolardan ko‘rinib turibdiki, ushbu “kolbasa” faol sotilmoqda va muomalaga kirgan. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida vaqt muhim ahamiyatga ega. Kutilgan choralar mahsulotni zudlik bilan savdodan olib tashlash, ekspertiza o‘tkazish va natijalarni e’lon qilish edi.
Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi ushbu holatda tadbirkorlik faoliyatiga aralashish bilan bog‘liq huquqiy jihatlar mavjudligini, masala Biznes-ombudsman bilan birgalikda o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Natijalar haqida qo‘shimcha xabar beriladi.
Ma’lumot uchun: 13-may holatiga Toshkentda 1 kg mol go‘shti 129–140 ming so‘m, tovuq go‘shti esa 35–39 ming so‘m atrofida sotilmoqda.
Source: kun.uz