Andijon viloyati Bo‘liqchi tumanida 17 yoshli o‘smirning jasadi Qoradaryo daryosidan topildi. U to‘rt kundan beri bedarak yo‘qolgan edi.
Viloyat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 17 may kuni tumanda yashovchi bir fuqaro huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. U o‘g‘lining bir kun avval uydan chiqib ketgani va qaytib kelmaganini aytgan. Voyaga yetmaganning yo‘qolishi bo‘yicha darhol tergovga qadar tekshiruv boshlangan.
Tergov aniqlashicha, 16 may kuni soat 15:30 atrofida o‘smir do‘stlari bilan “Sarnavul” mahallasidagi Qoradaryo daryosiga cho‘milishga borgan. Suvda u kuchli oqimga bardosh bera olmay cho‘kib ketgan.
Qidiruv ishlari to‘rt kun davom etgan. Bugun, 20 may kuni, halok bo‘lganning jasadi Andijon va Namangan viloyatlarini bog‘lovchi ko‘prik yaqinida suvdan olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, tekshiruv jarayoni Andijon viloyat prokuraturasi nazoratida. Yakunida protsessual qaror qabul qilinadi.
Huquq-tartibot organlari va viloyat prokuraturasi ota-onalarga yana bir bor murojaat qilib, bolalarning bo‘sh vaqtini nazorat qilishni kuchaytirishga chaqiradi. Issiq havo kelishi bilan voyaga yetmaganlarga qutqaruv postlari bo‘lmagan, jihozlanmagan suv havzalarida cho‘milishga ruxsat berish qat’iyan man etiladi.
Source: podrobno.uz