Prezident Shavkat Mirziyoyevga Andijon viloyatidagi Bobur shahrida barpo etiladigan me’moriy ansambl tarkibida buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan muhtasham haykal loyihasi taqdim etildi.
Qayd etilishicha, yodgorlik ajdod merosini munosib ulug‘lash, uning ilmiy-adabiy merosi, davlatchilik tafakkuri va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yosh avlodga yetkazish maqsadida yaratilmoqda.
Davlat rahbariga haykalning eskizlari, kompozitsion yechimi va Bobur siymosini aks ettirish bo‘yicha ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida axborot berildi. Loyiha mamlakat olimlari tomonidan xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar asosida ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, prezidentning Pokistonga tashrifi doirasida Islomoboddagi bog‘lardan biriga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani qayd etildi. Ushbu bog‘da o‘rnatiladigan haykal loyihasi ham muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev yodgorliklarda Bobur siymosini nafaqat shoir va adib, balki mohir sarkarda, davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida aks ettirish muhimligini ta’kidladi.
Taqdimotda, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, Buxoroda turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilishga oid loyihalar haqida ham axborot berildi.
Prezident loyihalarni yanada takomillashtirish va ularni ilg‘or tajriba asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Source: www.gazeta.uz