Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 19 may kuni sodir bo‘lgan sel oqimi natijasida bir kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuror matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Hodisa soat 20:20 da Dehqonobod tumani IIB navbatchilik qismiga «Yangi hayot» mahallasidagi Qo‘riqlash qishlog‘ida sel oqimi noma’lum erkak kishining jasadini olib kelgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga tuman prokurori boshchiligidagi tergov-guruh yetib borgan.

Tergov oldi tekshiruvi natijasida marhum 2001-yilda tug‘ilgan O.Sh. fuqarosi ekanligi aniqlangan. Uning yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, 19 may kuni soat 15:00 atrofida u qo‘ylarni boqishga chiqqan. Shu payt qishloqda kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel oqimi kelgan. Bir muncha vaqt o‘tgach, yigitning jasadi suv bilan olib kelingan.

Hozirda ushbu fakt bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi tadbirlari olib borilmoqda. FVV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Kamashi, Yakkabog‘, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Sel natijasida Kamashi tumanida ichki yo‘l vaqtincha yopilgan, Yakkabog‘ tumanida esa ko‘prik yopilgan.

Source: kun.uz