Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 18-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini kuchaytirish, shuningdek, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.

Qonun yuzasidan Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Qutbidin Burxanov ma’ruza qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, probatsiya faqat nazorat emas, balki shaxsni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, uning jamiyatga foydali a’zo bo‘lib shakllanishiga ko‘maklashish vositasidir.

Senator ta’kidlashicha, amaldagi qonun hujjatlarida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlari va nazorat subyektlarining vazifalari aniq belgilanmagan. Yangi qonun esa bu kamchiliklarni bartaraf etadi.

Xususan, Jinoyat kodeksining 73-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, shartli ozod qilingan shaxslar zimmasiga nazorat organlariga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyati yuklanadi. Bu ularning xulq-atvori ustidan doimiy va tizimli nazorat o‘rnatish imkonini beradi.

Shuningdek, prokuror yoki shartli ozod qilingan shaxsning iltimosnomasiga binoan sud yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkin. Avvalgi tartibda faqat advokat orqali murojaat qilish mumkin edi, bu esa Konstitutsiyaga zid edi.

Jinoyat-protsessual kodeksi 536−3-modda bilan to‘ldirilib, shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniq belgilanmoqda. Agar shaxs majburiyatlarni bajarmasa, o‘talmagan jazoni o‘tash masalalari istiqomat joyidagi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga yangi 28−1-bob qo‘shilib, unda nazorat tartibi, shartli ozod qilinganlarning majburiyatlari va nazoratni tugatish tartiblari belgilangan.

Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun dam olish va bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilish huquqi berilmoqda (hozir bir soat). Shuningdek, oziq-ovqat va zarur mahsulotlar uchun ajratiladigan mablag‘ 1 271 000 so‘mgacha oshirilmoqda.

Senator Burxanovning ta’kidlashicha, bu shaxslar hali sud tomonidan aybdor deb topilmagan, shuning uchun ularga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi to‘liq amal qilishi lozim.

Source: www.gazeta.uz