Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston BRIKS Yangi taraqqiyot bankiga (NDB) a’zo bo‘lish jarayonida qiymati 4,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 20 dan ziyod loyihadan iborat portfel bo‘yicha takliflar tayyorladi. Bu haqda 19-may kuni Senat majlisida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shohrux G‘ulomov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, global o‘zgarishlar va nomutanosibliklar sharoitida bankning moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish O‘zbekiston uchun asosiy vazifalardan biridir. Vazir o‘rinbosari 2,8 milliard dollar infratuzilma loyihalariga, jumladan, transport sohasiga yo‘naltirilishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Bunda asosan temiryo‘llar va pullik avtomobil yo‘llarini qurish kabi davlat-xususiy sheriklik loyihalari nazarda tutilgan.

Energetika sohasida mablag‘larni atom elektr stansiyasi loyihalariga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Shaharsozlik sohasida esa Yangi Toshkent shahri infratuzilmasini moliyalashtirish uchun NDB resurslarini jalb qilish rejalashtirilgan. Ijtimoiy sohada – ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qariyb 450 million dollarlik loyihalar shakllantirilgan.

Shuningdek, tijorat banklari uchun qariyb 500 million dollarlik bank resurslarini jalb etish masalasi o‘rganilmoqda. Yana qariyb 750 million dollar sanoatga – hududlardagi rivojlanayotgan sanoat va iqtisodiy zonalarga jalb etilishi rejalashtirilmoqda.

Vazir o‘rinbosari bank bilan ishlash mexanizmlari uch yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi: suveren moliyalashtirish (davlat kafolati ostida), nosuveren moliyalashtirish (xususiy sektorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish) va davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida moliyalashtirish. Ushbu mexanizm Prezidentning 2025-yil 11-fevraldagi PQ-51-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Senatorlar yig‘ilishda O‘zbekistonning BRIKS mamlakatlari tomonidan tashkil etilgan Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi haqidagi qonunni ma’qulladi. Bank infratuzilmaviy, “yashil”, raqamli va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil mart oyida “O‘zatom” rahbari Azim Ahmedxadjayev O‘zbekistondagi kichik AES qiymati 2 mlrd dollardan kam bo‘lishini ma’lum qilgandi. O‘tgan yil sentabr oyida O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyatining Forish tumanida quriladigan atom stansiyasi konfiguratsiyasini o‘zgartiruvchi hujjatlarni imzoladi. Oktabr oyida esa AES qurilishi direksiyasi direktori Abdujamil Qalmurotov kichik AES loyihasi qiymati 1 mlrd dollardan oshmasligini va qurilish davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishini ta’kidlagandi.

Source: www.gazeta.uz