Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning 2,5 mingga yaqin dorixonasida narxlarni sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlangan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 686 mingga yaqin holatda chakana savdo ustamasi 10 foizdan uch baravargacha oshirilgan.

Natijada iste’molchilar 21,1 milliard so‘m ortiqcha to‘lov amalga oshirgan. Ushbu mablag‘lar fuqarolarga qaytarilishi shart. Qo‘mita tomonidan nazorat choralari kuchaytirilgan.

Narxlar ustidan nazorat 2022-yil 26-oktabrdagi prezident qarori asosida joriy etilgan raqamli monitoring tizimi orqali amalga oshiriladi. Tizim inson omilisiz avtomatik tarzda qonunbuzarliklarni aniqlaydi.

2026-yil martidan boshlab referent narxlar ustidan nazorat kuchaytirildi: ulgurji savdoda belgilangan darajadan oshib ketganda, tizim schyot-fakturalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni avtomatik to‘xtatadi. Bu 12,5 mingdan ortiq chakana dorixonada narxlarning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaydi.

2026-yil birinchi choragida 190 dan ortiq dorixonada 110,5 mingga yaqin qonunbuzarlik aniqlangan bo‘lib, 1,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolarga qaytarilishi kerak.

Qo‘mita fuqarolarni dori vositalarini sotib olishda ruxsat etilgan narxlarni vakolatli organning referent narxlar reestridan tekshirishga va ortiqcha narx aniqlanganda 1159 raqamiga murojaat qilishga chaqiradi.

Source: kun.uz