Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan senator Tursinxan Xudaybergenov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot davlat organlaridagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi xizmatlari hamda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va tavalludining 75 yilligi munosabati bilan berilgan.

Farmonda Xudaybergenovning hudud infratuzilmasini takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, aholi muammolarini joyida hal etish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki alohida qayd etilgan. Hozirda u prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi va senator sifatida faoliyat yuritmoqda.

Tursinxan Xudaybergenov 2010-yil martidan 2016-yil dekabrigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlagan. Shundan so‘ng prezidentning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangan.

U 1951-yilda tug‘ilgan. Toshkent pedagogika instituti (1974) va SSSR IIV Akademiyasi (1982) bitiruvchisi. 1974−1999-yillarda IIVda turli lavozimlarda ishlagan. 1999−2001-yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, 2001−2006-yillarda prezidentning huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2006−2010-yillarda esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Source: www.gazeta.uz