21-may kuni Navoiy viloyatining tog‘li va tog‘ oldi hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel-suv oqimlari yuzaga keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sel hodisasi soat 13:45 dan 15:40 gacha Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarida qayd etilgan.
Xatirchi tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi xarsang toshlar bilan to‘silib qolgan. Nexia-1, Cobalt, Nexia-3 va UAZ-469 rusumli avtomobillar hamda bir nechta uy-joy sel oqimlaridan zarar ko‘rgan. Angidon, Langar, Kattasoy va Maydon soylari yaqinida yashovchi aholi xavfsizlik maqsadida vaqtincha xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.
Karmana tumanida sel suvlari 7 ta xonadonning tomorqa maydoni va qo‘shimcha qurilmalariga kirgan. Nurota tumanining ayrim hududlarida esa sel oqimlari qayd etilgan bo‘lib, suvlar sel yo‘llari orqali zararsiz oqib o‘tgan.
Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb qilingan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, aholi xonadonlari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari va kommunikatsiya tarmoqlariga jiddiy zarar yetmagan. Tan jarohati olganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va tegishli xizmatlar tomonidan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda sel hodisasining video tasvirlari tarqalmoqda.
Source: www.gazeta.uz