Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘luni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashkilot rahbariyatining O‘zbekistonga tashriflari muntazam tashkil etilmoqda. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyalari mamlakatdagi saylov jarayonlarini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar natijalari muhokama qilindi.
Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “yashil” kun tartibini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston va YeXHT doirasida qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Source: www.gazeta.uz