Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident muftiy orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ularning duolari qabul bo‘lishini tiladi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistondan har yili 15 ming nafardan ortiq fuqaro Haj safariga bormoqda. Bu yil ilk bor mehnat faxriylari, mahalla faollari, nuroniylar va kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdosh davlat hisobidan Hajga yuborilgan.
Prezident ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar va tashkiliy ishlar bilan qiziqdi. Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madinada hojilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani, ibodatlar jamoa bilan o‘tayotganini bildirdi.
Suhbatda mamlakatda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar ham muhokama qilindi. Xususan, Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi majmualar ajdodlar merosini targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolaga murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va 2 mingga yaqin og‘ir bemorlarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi qayd etildi.
Suhbat yakunida Prezident barcha hojilarga salom yo‘llab, ularning ibodatlari qabul bo‘lishi va vatanga sog‘-omon qaytishini tiladi.
Source: www.gazeta.uz