O‘zbekiston 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi joriy yilning 19-noyabridan 13-dekabriga qadar Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 Jahon chempionatining “E” guruhida ishtirok etadi.
Turnirga qur’a tashlash marosimi 21-may kuni Syurixdagi FIFA shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. U-17 Jahon chempionatida 48 ta terma jamoa ishtirok etadi, ular to‘rtta jamoadan iborat 12 ta guruhga taqsimlandi. FIFA avvalroq o‘yinlar sanasi, stadionlar va boshlanish vaqtlari ko‘rsatilgan taqvim qur’a tashlanganidan so‘ng e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston terma jamoasiga Italiya, Yamayka va Kot-d'Ivuar terma jamoalari raqiblik qiladi.
U-17 JCH ikkinchi yil ketma-ket Qatarda o‘tkaziladi. FIFA U-17 o‘smirlar o‘rtasidagi JCHlar har yili o‘tkazilishini, Qatar va Marokash esa 2029-yilgacha (shu yilni ham qo‘shgan holda) musobaqalarga mezbonlik qilishini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston U-17 Osiyo kubogi guruhidan chiqqanidan so‘ng Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Chorak finalda jamoa Koreyani mag‘lub etgan bo‘lsa-da, 19-may kuni bo‘lib o‘tgan yarim finalda terma jamoa Yaponiyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi, penaltilar seriyasida esa yaponlar 3:2 hisobida zafar quchdi.
Osiyodan Qatar mezbon sifatida, shuningdek, Avstraliya, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, O‘zbekiston va Vetnam U-17 Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
2025-yilgi U-17 JCHda O‘zbekiston 1/8 finalda Italiyaga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Source: www.gazeta.uz