Navoiy viloyati Xatirchi tumanida kuchli sel oqimlari kuzatildi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jiddiy talofatlar bor.
Voqea aks etgan videolarda selning mashinalarni olib ketayotgani, yo‘llarga zarar yetkazayotgani ko‘rinadi. Guvohlardan biri turar joy binosining qulaganini ham xabar qildi.
«Sel ikki asosiy yo‘lni — qishlog‘imizga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi. Yo‘llar yaroqsiz holga kelmasligi uchun harakat qilmoqdamiz. Aks holda, qishloqqa kirish va chiqish vaqtincha cheklanishi mumkin», — dedi Kun.uz’ga Langar qishlog‘i aholisidan biri.
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, sel oqimlari Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarining ayrim hududlarida kuzatilgan. Sel oqimi 2 ta mashina va 5 bosh qoramolni olib ketgan. 7 ta uy xo‘jaligining tomorqasi suv ostida qolgani aniqlangan.
«Oqibatlarni bartaraf etishga 37 birlik maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb qilindi. Fuqarolar orasida jabrlangan va halok bo‘lganlar qayd etilmagan», — deyiladi xabarda.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, Xatirchi tumanida sel oqimlari natijasida avtomobil yo‘lining bir qismi toshlar bilan to‘silib, 7 ta mashina va bir necha uy zarar ko‘rgan.
Aholi xavfsizligini ta’minlash uchun Angidon, Langar, Kattasoy va Maydansoy soylariga yaqin hududlar aholisi vaqtincha xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostida, hududlar monitoringi davom etmoqda, deyishdi FVVda.
Avvalroq Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqimi tomonidan olib ketilib, halok bo‘lgan edi.
Source: kun.uz