O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 21-may kuni “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2027−2029-yillarda mamlakatdagi 10 mingdan ziyod qabristonni obodonlashtirish uchun jami 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qaror bilan tegishli dastur tasdiqlangan bo‘lib, moliyalashtirish manbalari sifatida davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar, xayr-ehsonlar va boshqa manbalar belgilangan. Xususan, har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochilib, xayr-ehsonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu hisobvaraqqa tushadi.
Ilgari bir tuman uchun bitta hisobvaraq ochilgani sababli mablag‘lar nazorati yo‘lga qo‘yilmagan edi. Endi esa har bir qabriston uchun QR kod joriy etilib, yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyoriy ravishda xayr-ehson qilishlari mumkin bo‘ladi.
Tushgan mablag‘lar faqat qabristonni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga yo‘naltiriladi. Boshqa maqsadlar uchun sarflanishiga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi.
Source: www.gazeta.uz