Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

21-may kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim hududlarida sel va yomg‘ir suvlari oqimi kuzatildi. Ayrim hollarda sel avtomobil yo‘llari orqali o‘tdi. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, soat 14:30 dan boshlab Jizzax viloyatining Zomin tumanida oylashgan “Navbahor” MFYdagi Segisari qishlog‘idan taxminan 3−5 kub metrli sel oqimlari oqib o‘tgan. Shuningdek, shu vaqtda “Taraqqiyot” MFYning “Xulkar qishlog‘ida 1−3 kub metrli sel oqimlari kuzatilgan.

Soat 15:10 dan boshlab “Beshkubi” QFY hududidagi Beshkubi qishlog‘idan o‘tgan sel soyida taxminan 1−3 kub metr/soniya sel oqimi qayd etilgan. Soat 15:20 dan boshlab “Shirin” MFY hududidagi Quduqcha, Jailma va Mug‘ol qishloqlaridan o‘tuvchi sel soylarida ham 1−3 kub metr/soniya hajmdagi oqim kuzatilgan. Soat 16:05 dan boshlab esa “Yuksalish” MFYdagi Achchi qishlog‘idan o‘tgan sel soyida 5−8 kub metr/soniya hajmdagi sel oqimi qayd etilgan.

Shuningdek, Yangiqishloq meteorologik stansiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 21-may kuni soat 19:30 dan boshlab Forish tumanidagi Garasha qishlog‘idan o‘tuvchi sel soyida taxminan 5−6 kub metrli sel oqimlari kuzatilgan.

Samarqand viloyatidagi vaziyatga ko‘ra, 21-may kuni soat 17:15 holatida Samarqand tumanidagi Oxaliksoy gidropostida 4,3 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan. Natijada suv sathi 20 santimetrga ko‘tarilgan.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani “Zavqiy” MFY hududida soat 18:30 atrofida qisqa muddatli yomg‘ir oqibatida Kayfon tepaliklaridan yig‘ilgan yomg‘ir suvlari selsoyi orqali Toshkent-Termiz M-39 avtomobil yo‘lini kesib o‘tib, Kichiko‘ra daryosiga quyilgan. Talafotlar qayd etilmagan.

Navoiy viloyatining Nurota tumanida soat 19:00 holatiga ko‘ra, “Chuya” MFY hududida yoqqan yomg‘ir suvlari Darasoy qishlog‘idagi sel yo‘llari orqali zarar yetkazmasdan oqib o‘tgan. Shuningdek, “Avazsoy” MFYdagi Ajrim qishlog‘i hududidan o‘tuvchi Avazsoy sel yo‘llarida ham suvlar soy o‘zanlari orqali talafotsiz o‘tkazib yuborilgan.

Karmana tumanidagi “Yangi Hayot” MFY hududida esa yog‘ingarchilik oqibatida tog‘ yonbag‘rida yig‘ilgan sel suvlari ichki sel yo‘lidan oqib o‘tgan.

FVV xabariga ko‘ra. Xatirchi tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi xarsang toshlar bilan to‘silib qolishi natijasida 4 ta Nexia, Cobalt, Nexia 3 va “UAZ-469” rusumli avtomobillar va bir nechta uy-joylar sel oqimlaridan zarar ko‘rgan. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Angidon, Langar, Kattasoy va Maydon soylari yaqinida yashovchi fuqarolar vaqtinchalik xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Karmana tumanida sel suvlari 7 ta aholi xonadonining tomorqa maydoni va qo‘shimcha qurilmalariga kirgan.

Nurota tumanining ayrim hududlarida ham sel oqimlari qayd etilgan. Sel suvlari sel yo‘llaridan zararsiz o‘qib o‘tgan. Vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida jami 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan.

Surxondaryo viloyatidagi gidropostlar ma’lumotiga ko‘ra, soat 20:15—20:25 atrofida tog‘li hududlarda yoqqan qisqa muddatli yomg‘ir natijasida Sariosiyo tumanidagi “Nilu” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Nilusoyda taxminan 6−7 kub metr/soniya hajmdagi sel suvlari kelgan. Oqibatda ichki va avtomobil yo‘llariga loyqa oqiziqlar chiqqan. Eng yaqin Sangardak meteorologik stansiyasida yog‘in miqdori 4 mmni tashkil etgan.

Toshkent viloyatining Angren shahrida esa soat 17:00—18:00 oralig‘ida yoqqan yomg‘ir tufayli tog‘ yonbag‘irlaridan yig‘ilib kelgan yomg‘ir suvlari “Yangi Bog‘isuv” MFY hududiga toshib chiqqan. Shuningdek, 21-may kuni yoqqan yomg‘irlar oqibatida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Qiziltu qishlog‘iga ham sel suvlari yetib kelgan.

Bo‘stonliq tumanidagi “Dumaloq” MFY hududida Unkelsoy soyidan 10−12 kub metr hajmdagi sel suvlari oqib, Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lini kesib o‘tgan.

Tumandagi “Sarqang‘li” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Parkent kanaliga sel suvlari quyilishi oqibatida kanal o‘zanidan suv toshgan.

“Qoramozor” MFY hududida esa kuchli yog‘ingarchilik sabab tog‘ qiyaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘sib qo‘ygan.

Avvalroq O‘zgidromet 15−22-may kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Source: www.gazeta.uz