Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi o‘yinchilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbari terma jamoaning AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga chiqishi xalqimiz uchun tarixiy voqea ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston futbol muxlislari bu kunni 34 yil kutdi. Har bir o‘yinda terma jamoa a’zolari yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik tuyg‘usi va g‘alabaga ishonch bilan maydonga chiqib, mamlakat futboli tarixida yangi sahifa ochdilar.

Prezident futbolchilar, ularni tarbiyalagan ota-onalar, ustoz va murabbiylarga minnatdorlik bildirdi. “Futbolchilarimizni haqli ravishda zamonamiz qahramonlari deb atash mumkin. Ular xalqimizga ulkan quvonch ulashdilar”, dedi davlat rahbari.

Uchrashuvda terma jamoaning muvaffaqiyati nafaqat sport sohasida, balki butun jamiyat hayotida katta yuksalishga sabab bo‘lgani qayd etildi. Futbolchilar yoshlar uchun haqiqiy namuna bo‘ldi, sportga qiziqish yanada oshdi, adabiyot va san’at arboblari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik bu tarixiy natijadan ilhomlanmoqda.

Prezident futbolda ochiq va shaffof tizim yaratish, korruptsiya va tanish-bilishchilik kabi salbiy hodisalarni yo‘q qilish iste’dodli yoshlar uchun katta sport eshiklarini ochganini ta’kidladi.

Uchrashuvda bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabining faoliyati alohida qayd etildi. Davlat rahbari Kannavaroni jahon futbolida katta tajribaga ega mutaxassis deb baholadi. 2006-yilda u Italiya terma jamoasi sardori sifatida jahon chempioni bo‘lgan, o‘sha yili dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.

Murabbiylar shtabi o‘yinchilarning jismoniy tayyorgarligi, intizomi, taktik yondashuvi va har bir detalga mas’uliyatli munosabatiga yangi talablar joriy etmoqda. Jamoa o‘yinida to‘g‘ri pozitsiya tanlash, yuqori pressing, to‘pni nazorat qilish va tezkor kontr-hujumlar kabi zamonaviy elementlarning roli kuchaymoqda.

Prezident Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida ilk bor mundialda ishtirok etishi bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga muvaffaqiyat tiladi.

Davlat rahbari jahon chempionatida oson o‘yinlar bo‘lmasligini, terma jamoa Portugaliya, Kolumbiya va Kongo jamoalari bilan uchrashishini ta’kidladi. Shu bilan birga, futbolchilarimiz allaqachon tarixga kirgani va endi ularga ortiqcha bosimsiz, to‘liq fidoyilik bilan muhim o‘yinlarda Vatan sharafini munosib himoya qilish muhimligi qayd etildi.

Source: kun.uz