Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova Senatning 19-maydagi majlisida 2025-yilda bolalar ombudsmaniga kelib tushgan murojaatlar soni 1934 tani tashkil etganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p, o‘shanda 1064 ta murojaat qayd etilgandi.

Murojaatlarning 509 tasi ijobiy hal etilib, 708 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Eng ko‘p arizalar Toshkent shahri (470 ta), Surxondaryo (254 ta) va Toshkent viloyati (236 ta) dan kelib tushgan.

Bolalar ombudsmani idorasi murojaatlarni tahlil qilish va monitoring natijalariga ko‘ra, bolaning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilgan holatlar yuzasidan 3 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa hamda sud qarorlariga nisbatan protest kiritish bo‘yicha 3 ta iltimosnoma kiritgan.

Murojaatlarni o‘rganish natijasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi va 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan bosh tortish haqidagi 20 ta qaror bekor qilinib, qo‘shimcha dastlabki tergov tekshiruvini o‘tkazish uchun yuborilgan.

Internetda o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha 23 ta jinoyat ishi va 28 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

“Ta’lim muassasalarida bolaga nisbatan jismoniy jazo qo‘llash va kasbiy faoliyatga loqayd munosabatda bo‘lish holatlari bo‘yicha 15 nafar pedagog xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun esa 6 nafar pedagog xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi”, — dedi Surayyo Rahmonova.

Bolaga nisbatan qonunchilikni buzgan ikki nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

“O‘tgan yili sudlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 937 nafar shaxsga nisbatan 666 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu profilaktik choralar yetarli emasligi va qonunchilikda ayrim bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, shundan 72 ta jinoyat ishi ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga tegishli ekani jiddiy xavotir uyg‘otadi”, — dedi Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova.

Bolalar ombudsmani ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda sudlar tomonidan 3301 nafar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan 2584 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, bu jami jinoyatlarning 4,09 foizini tashkil etgan. Shuningdek, 1917 nafar maktab o‘quvchisi tomonidan 1783 ta jinoyat sodir etilgani qayd etilgan.

Bolalarni tarbiyalash bo‘yicha o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarmaganligi uchun 224,9 ming nafar ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova ta’kidlashicha, oilaviy muhit, tarbiya va nazorat masalalarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat organlari hamda mahalla tizimi tomonidan muvofiqlashtirilgan va manzilli profilaktik ishlar kuchaytirilishi zarur.

Source: www.gazeta.uz