Zarafshon shahrida ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi kvartira egasi o‘z xonadonida hovuz qurgani aniqlandi. Bundan tashqari, u yerto‘laning bir qismini noqonuniy egallab, kvartirasidan alohida o‘tish joyi yaratgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, inspektorlar Zarafshonda ko‘p qavatli uylarning texnik holatini o‘rganish chog‘ida 12-turar joy massividagi binolardan birida ushbu qoidabuzarlikni aniqlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar ko‘p qavatli uyning konstruktiv mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, texnik holatini zaiflashtirishi va aholi xavfsizligiga bevosita tahdid solishi mumkin.
Huquqbuzarga 50 BHM miqdorida jarima solingan va kvartirani asl holatiga qaytarish majburiyati yuklatilgan.
Source: kun.uz