Mirmuhsin Mirsaidov 1921-yil 3-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, Toshkent davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida o‘qigan. Uning mehnat faoliyati Toshkent tramvay trestida chop etiladigan ko‘p adadli gazeta muharrirligidan boshlangan.
Adib “Mushtum”, “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallarida bosh muharrir bo‘lgan. Shuningdek, O‘zbekiston radiokomitetida va Yozuvchilar uyushmasida ham ishlagan. Uning ilk she’ri “Ispan yigitiga” 1942-yilda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” jurnalida e’lon qilingan.
1942−1945-yillarda “Er yurak” hikoyalar to‘plami va “Vafo” she’riy majmuasi nashr qilingan. 1947−1954-yillarda “Usta G‘iyos”, “Yashil qishloq” va “Qadrdonlar” asarlari, 1957−1963-yillarda esa “Ziyod va Adiba”, “Dorbozlar”, “Jamila”, “Oq marmar”, “Hikoyalar”, “Cho‘ri”, “Tungi chaqmoqlar” kitoblari chop etilgan.
Romannavis sifatida sermahsul ijod qilgan Mirmuhsin “Umid”, “Me’mor”, “Temur Malik”, “Turon malikasi”, “Chiniqish”, “Degrez o‘g‘li”, “Chotqol yo‘lbarsi” va “Ildizlar va yaproqlar” kabi asarlar yozgan. “El-yurt hurmati” ordeni sohibi 2005-yilda vafot etgan.
Sana munosabati bilan Gazeta Mirmuhsinning asarlari asosida test tayyorladi.
Source: www.gazeta.uz