Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

24-may kuni Namanganda 65-xalqaro Gullar festivaliga start berildi. Festival ochilish marosimida Namangan “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Ginnes rekordini o‘rnatgani e’lon qilindi.

Ginnes vakili Sheyda Subasi festivalning tantanali ochilish marosimida maxsus sertifikatni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovga topshirdi. Shu tariqa Namangan Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili festivalga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘yicha 100 mln tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 150 mln tupga yetkazilgan.

Bu yilgi yubiley festivali avvalgilaridan mahallalardan boshlanganligi bilan ajralib turdi. Viloyatdagi mavjud 754 ta mahalla festival ishtirokchisiga aylantirilib, xonadonlar, ko‘chalar va mahallalar gullar bilan bezatildi. Shuningdek, “Eng gulzor, eng obod mahalla” ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazilmoqda.

Festivalning ochilish marosimi an’anaviy avtomobillar paradi bilan boshlandi. Gullar bilan bezatilgan avtomobillar karvoni “Namangan xalqaro aeroporti” oldidan harakatni boshladi va markaziy ko‘chalar orqali Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga yetib keldi.

Tantanali tadbirda xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillari, investorlar, chet el kompaniyalari, sayyohlar, madaniyat va san’at namoyandalari hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Bu yil festival doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-ma’rifiy, ommaviy-sport va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Festival mehmonlari Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘, “Afsonalar vodiysi” tematik parki hamda 60 gektar maydondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan gul kompozitsiyalarini tomosha qilishi mumkin.

Shuningdek, viloyat tumanlarida ham turli sayillar va tadbirlar tashkil etiladi. Jumladan, Chustdagi “Osh tanlovi”, Popdagi “Lavanda sayli” qatoriga Mingbuloqdagi “Patir festivali” ham qo‘shiladi.

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil festival davomida 1 mln nafardan ziyod xorijiy va qariyb 8 mln mahalliy sayyoh tashrifi kutilmoqda.

Festival 12-iyulga qadar davom etadi.

Source: www.gazeta.uz