O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida bu yil 11 mingdan ortiq o‘quvchi maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jami 472 ming yigit-qiz bugun katta hayotga yo‘llanma olmoqda.
Davlat rahbari saytida e’lon qilingan tabrikda 171 nafar bitiruvchi dunyoning yetakchi universitetlariga o‘qishga kirgani, minglab boshqalari esa O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani qayd etilgan.
“Bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va yozuvchi, tadbirkor. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori. Siz – Yangi O‘zbekistonning eng katta umidi va tayanchisiz. Zamonaviy bilim, kasb va malakani sizga 207 ta oliy o‘quv yurti va 643 ta texnikum berishga tayyor”, – dedi prezident.
Prezident yoshlarga taniqli sportchilar – Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov va Abduqodir Husanovni namuna qilib keltirdi. Ular maktabni atigi to‘rt-besh yil oldin tugatgani va hozirda shaxmat hamda futbol bo‘yicha dunyoni o‘z yutuqlari bilan hayratga solayotganini eslatdi.
Shuningdek, u yosh kinochilar Kann festivalining Gran-prisini qo‘lga kiritgani va futbol terma jamoasi birinchi marta jahon chempionatiga chiqqanini ta’kidladi.
“Bugun siz maktabni tugatdingiz, ammo katta hayot maktabi endi boshlanmoqda”, – dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev mehnat bozori hujjatlarni emas, balki amaliy bilim va ko‘nikmalarni talab qilishini ta’kidlab, bitiruvchilarni kamida bitta xorijiy til va zamonaviy kasbni o‘zlashtirishga chaqirdi. Prezident barcha o‘quvchilarga omad tilab, katta maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmaslikni maslahat berdi.
Source: podrobno.uz