Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Dushanba kuni ertalab respublikadagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil jami 472 ming nafar o‘g‘il-qiz maktab ta’limini yakunladi. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarga tabrik yo‘lladi.

2026-yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod o‘quvchi maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Davlat rahbari hozirda har bir maktab bitiruvchisining hayotda munosib o‘rin egallashi uchun katta kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotganini ta’kidladi.

“Biz bugun kelajak rejalarini tuzayotgan sizdek farzandlarimiz timsolida yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etadigan bunyodkor kuchni ko‘ramiz… Albatta, bugungi bitiruvchi — ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi — Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz”, — dedi prezident.

Mamlakatda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum o‘quvchilarga bilim, kasb va malaka berishga tayyor. 171 nafar yosh dunyoning yetakchi universitetlariga, yana minglab bitiruvchilar mamlakatdagi oliygohlarga qabul qilindi.

“Ana shu farzandlarimni, ularning ota-onalari va ustozlarini bunday yutuqlari bilan chin dildan tabriklayman”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida bitiruvchilarni yangi davr va mehnat bozori talablariga tayyor bo‘lishga, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni egallashga chaqirdi.

“O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugun hayot ham, mehnat bozoridagi talab ham shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Yangi-yangi kasblar paydo bo‘lyapti. Til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish ko‘nikmasini egallash muhim zaruriyatga aylanmoqda. Mehnat bozori endi, avvalo, „hujjat“ emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti”, — dedi u.

“Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ertaga dunyo tan oladigan olim bo‘ladi. Bugun oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz ertaga millionlab insonlarga xizmat qiladigan texnologiyalarni yaratadi. Bugun kitob o‘qiyotgan bir qizaloq ertaga mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan farzandlarni tarbiyalaydi”, — deya ta’kidladi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor bo‘lishni istaydigan yoshlar uchun banklar joriy yil 25 trillion so‘m arzon kreditlar taklif etmoqda. Startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilarga esa 100 million dollar mablag‘ tayyorlangan.

Eng yirik AT kompaniyalar har yili kamida 50 ming bitiruvchini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirishga tayyor. Kelgusi yillarda 168 ming gektar super intensiv sanoatlashgan bog‘lar tashkil qilinadi.

Davlat rahbari mazkur loyihalarda qatnashmoqchi bo‘lgan yoshlarni doim qo‘llab-quvvatlashini hamda ular ushbu yangi sohalarda o‘z kasbining haqiqiy egasi bo‘lishlariga ishonch bildirdi.

U bugungi tez o‘zgarayotgan davrda hayotga va uning keskin talablariga tayyor bo‘lish eng muhim vazifa ekanini, ushbu yo‘lda yoshlar uchun eng yaqin do‘st va kuchli qurol kitob ekanini aytib, kitob nur, ilm va ibrat manbai bo‘lgani tufayli uni ko‘p o‘qigan inson hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligini, kuchli iroda va keng dunyoqarashga ega bo‘lishini bildirdi.

“Bugungi hayotimizda sizlar uchun o‘rnak bo‘ladigan yutuqlarimiz, yosh-yosh qahramonlarimiz ko‘p. To‘rt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda. Yosh kino ijodkorlarimiz suratga olgan qisqa metrajli film Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi inklyuziv filmlar festivalida Gran-pri mukofotini olishga sazovor bo‘ldi”, — dedi prezident.

“Kuni kecha futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatdik. Barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan bunday yutuqlar ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan. Ko‘ryapsizlarmi, chin dildan intilsa, harakat qilsa, yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk marralarni zabt etishga qodir”, — dedi Mirziyoyev.

“Men ishonaman, sizlarning orangizdan ham ana shunday millat qahramonlari, yangi O‘zbekiston iftixorlari yetishib chiqadi. Bu dunyoda har bir ongli inson ota-onasi, ustozlari va el-yurti ishonchini oqlashga intilib yashaydi. Inson uchun eng ulug‘ baxt, ulkan sharaf aslida shu. Siz bugun maktabni tugatdingiz, lekin katta hayot maktabi endi boshlanmoqda. Men sizlarga ana shunday tengsiz baxt, yuksak saodat egasi bo‘lishlaringizni tilayman”, — dedi davlat rahbari.

“Oldingizga katta maqsadlar qo‘yishdan hech qachon qo‘rqmang! O‘zingizga ishonib, hamisha olg‘a boring! Doimo o‘zgarishlar, islohotlar ruhi bilan yashaydigan avlod bo‘ling! Shu yo‘ldagi ilk qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin! Barchangizga baxt va omad hamisha yor bo‘lsin, aziz farzandlarim”, — deya tabrigini yakunladi prezident.

Source: www.gazeta.uz