Joriy hafta boshida salqinroq ob-havo hukmron bo‘lib, dushanba kuni Toshkent, vodiy viloyatlari va tog‘li hududlarda qisqa muddatli jala yog‘inlari kutiladi. Seshanba va chorshanba kunlari Kaspiy dengizi ustidan Turkmaniston orqali namlik kirib kelib, deyarli barcha viloyatlarga yog‘in beradi.
Juma kunidan qisqa muddatli issiq havo oqimi kirib kela boshlaydi, shanba kuni eng faol bosqichga chiqadi, yakshanbadan esa yana nam havo oqimlariga o‘rin bo‘shatadi. Harorat rejimida dushanba kuni janubda +35 daraja, boshqa hududlarda +30…+33 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Seshanba va chorshanba kunlari namlik tufayli harorat sezilarli pasayadi, payshanba ham salqin bo‘ladi. Juma kunidan harorat ko‘tarilib, haqiqiy may oyi oxiriga xos issiqlik qaytadi. 30-may, shanba kuni voha va janub viloyatlarda harorat +41 darajagacha isishi mumkin.
Ish kunlari nam havo oqimlari oldidan cho‘l hududlarida kuchli shamol va chang-to‘zonlar ko‘tarilishi ehtimoli bor. Ayniqsa, Toshkent viloyatida ko‘proq yog‘in kutilmoqda, bu esa sel-xavfini oshiradi.
Havo sifati bo‘yicha, hafta boshlarida chang va ifloslanish kuzatilishi mumkin, ammo yomg‘irlar tufayli uzoq saqlanmaydi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining tavsiyalari bilan tanishish foydali.
Kosmik ta’sirlar bo‘yicha, so‘nggi kunlarda Quyoshda kuchli chaqnashlar kuzatilmagan, shuning uchun geomagnit bo‘ronlari xavfi past. Ammo magnit bo‘ronlariga sezgir odamlar ikki kunlik prognozlarga tayanishi maqsadga muvofiq.
Source: www.gazeta.uz