Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 27 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilishi oqibatida tabiatga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar qildi.
Holat Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida aniqlangan. Tekshiruv vaqtida Bo‘stonliq tumanida joylashgan “K.D.” MCHJga tegishli qurilish uchun mo‘ljallangan hududda o‘sib turgan 27 tup daraxt noqonuniy ravishda yo‘q qilingani ma’lum bo‘lgan.
Ekologiya boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 2 mlrd 1 mln 743 ming 200 so‘mni tashkil etgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Ekologiya boshqarmasi fuqarolarni atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirib, noqonuniy xatti-harakatlar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini eslatgan.
Avvalroq Termiz shahrida yuridik texnikum hududidagi 217 tup daraxt noqonuniy kesib tashlangani ortidan tabiatga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan edi. Sud sobiq shahar qurilish bo‘limi boshlig‘ini aybdor deb topib, unga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan.
Ma’lumot uchun, huquqbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-noyabrdagi [464-son] qarori asosida hisoblanadi. Hujjatga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga nisbatan moratoriy amal qilgan davrda yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshirilgan holda hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yildan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Source: www.gazeta.uz