Buxarestda Super Chess Classic Romania turniri yakunlandi. Javohir Sindarov uchun bu Nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyin klassik shaxmat bo‘yicha ilk musobaqa bo‘ldi. Og‘ir startga qaramay, o‘zbekistonlik grossmeyster turnirni muvaffaqiyatli yakunlashga erishdi.
Turnirda Bogdan-Daniel Dyak (Ruminiya, 2650), Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya, 2717), Rameshbabu Pragnanandha (Hindiston, 2733), Yorden van Forest (Niderlandiya, 2735), Uesli So (AQSh, 2754), Alireza Firuzja (Fransiya, 2759), Vinsent Keymer (Germaniya, 2759), Anish Giri (Niderlandiya, 2767), Javohir Sindarov (O‘zbekiston, 2776) va Fabiano Karuana (AQSh, 2788) ishtirok etdi.
Javohir uchun bu Nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyingi ilk klassik musobaqa bo‘lib, unga o‘sha muvaffaqiyat tasodif emasligini isbotlash, shuningdek, tezkor shaxmat turniridagi nisbatan omadsiz ishtirokdan keyin o‘z obro‘sini tiklash uchun imkoniyat edi.
Birinchi turda Sindarovning raqibi turnirning eng past reytingli ishtirokchisi — Grand Chess Tour’ga mezbon davlat vakili sifatida taklif qilingan ruminiyalik grossmeyster Bogdan-Daniel Dyak bo‘ldi. Javohir tabiiy ravishda g‘alabani ko‘zladi va juda hujumkor debyut — eski hind himoyasini tanladi. Biroq o‘zbekistonlik shaxmatchi bu debyutda raqib pozitsiyani soddalashtirib, durangni deyarli muqarrar qiladigan variantga o‘tishi mumkinligini hisobga olmadi.
Ikkinchi turda Javohir Nomzodlar turnirida dadil kombinatsiyalar orqali ikki marta mag‘lub etgan Rameshbabu Pragnanandhaga qarshi o‘ynadi. Bu safar ham u keskin o‘yinni tanlab, hujum uchun piyoda qurbon qilinadigan kamyob variantni o‘ynadi. Afsuski, raqib juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan. “Bu variant Praggdan boshqa istalgan raqibga qarshi ishlaydi, chunki u bu yo‘lni juda yaxshi bilardi. U tayyor edi va agar raqib bu variantni bilsa, oq donalar jiddiy muammoga duch keladi”, — deya tushuntirdi Javohir. U figura qurbon qilishga majbur bo‘ldi va mag‘lub bo‘ldi. Bu uning o‘tgan yil sentabridan beri klassik nazoratdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi — ungacha u ketma-ket 53 partiya davomida yutqazmagan edi.
Shundan so‘ng u Nomzodlar turniridagi g‘alabadan so‘ng, kuch yig‘ib olish uchun unga ko‘proq vaqt kerak bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi. “Ehtimol, muammo shundaki, men bu turnirga yetarlicha jiddiy yondashmadim. O‘ylaymanki, bu mening katta xatom, chunki Nomzodlar turniridan keyin menga, ehtimol, dam olish uchun biroz ko‘proq vaqt kerak edi. Men esa ishtirokchilari tarkibi aql bovar qilmaydigan darajada kuchli bo‘lgan turnirlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilib ketdim”, — dedi u.
Shu tariqa, Sindarov uchun start omadsiz kechdi: ikki partiyadan keyin yarim ochko. Shuning uchun uchinchi turda u qora donalarda Maksim Vashe-Lagravga qarshi o‘ynaganda, atigi o‘n yurishdan keyin pozitsiyani takrorlashga o‘tib, o‘ziga nafas rostlash va kuch yig‘ish imkonini berdi.
To‘rtinchi turda Anish Giriga qarshi partiyada Nomzodlar turniridagi ssenariy qisman takrorlandi: Javohir moddiy ustunlikka ega bo‘ldi, ammo pozitsiya yaxshi ma’lum bo‘lgan durang edi. Shunga qaramay, u kutilmaganda qoidalarda ruxsat etilgan barcha 50 yurish davomida o‘yinni davom ettirishga qaror qildi.
Beshinchi turda Alireza Firuzjaga qarshi partiya shaxmat uchun noyob sharoitda o‘tdi. Fransiya sharafini himoya qilayotgan shaxmatchi turnir arafasida to‘pig‘idan jarohat olgani uchun mehmonxona xonasidagi karavotda yotgan holda o‘ynadi — uning oldiga shaxmat taxtasi qo‘yilgan stolcha o‘rnatildi. Katta turnirda bunga o‘xshash holat oxirgi marta 1985-yilda kuzatilgan: o‘shanda ingliz grossmeysteri Entoni Mayls belidagi muammolar sabab massaj stolida yotgan holda o‘ynab, Tilburg turnirida g‘olib bo‘lgan edi. Firuzja unchalik omadli bo‘lmadi: Javohirga qarshi partiyada u yomon pozitsiyaga tushib qoldi, ammo O‘zbekiston vakili endshpilda yetarlicha aniq harakat qila olmadi.
Oltinchi turda Sindarov qora donalarda jahon reytingidagi endi ikkinchi raqamli shaxmatchi — Fabiano Karuanaga qarshi o‘ynadi. Partiyada Juoko Piano debyuti qo‘llanildi. Uchrashuvdan keyin AQSh vakili ko‘p yillar avval ommalashgan “ancha kamtarona” variantni tanlaganini aytdi. Amerikalikda ma’lum ustunlik bo‘ldi, ammo u aniq imkoniyatlarga ega bo‘la olmadi va pozitsiya 34-yurishda tezda durangga aylandi.
Olti turdan keyin Sindarovda hali g‘alaba yo‘q edi, ammo turnirning oxiri uning ishtirokidan qolgan taassurotni o‘zgartirdi. Birinchi muvaffaqiyat yettinchi turda Vinsent Keymerga qarshi partiyada keldi. Javohirning o‘ziga xos hujumkor uslubdagi g‘alabasi shaxmat tarixidagi eng kuchli o‘yinchilardan biri — Garri Kasparovning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Javohir keyingi turda van Forestga qarshi partiyada ham muvaffaqiyatni davom ettirdi. O‘yinchilar yana Anish Giriga qarshi bahsda uchragan figuralar nisbatiga — “rux va ot ruhga qarshi” vaziyatiga kelishdi. Ammo bu safar taxtada piyodalar ham qolgan edi va bu himoyalanayotgan gollandiyalik shaxmatchi uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Piyodalar qora shohni kisht berishlardan himoya qilib turgani sababli, Sindarov mot to‘rini qurishga muvaffaq bo‘ldi.
So‘nggi partiyada Sindarov ketma-ket uchinchi g‘alabaga ham da’vogar edi: u oq donalarda o‘ynab, qulayroq pozitsiyaga ega bo‘ldi. Biroq uning raqibi Uesli So ishonchli uslubi bilan tanilgan. U himoyada yetarlicha aniq harakat qilib, durangga erishdi.
Natijada 9 partiyadan 5 ochko to‘plagan Javohir Uesli So bilan 3−4-o‘rinlarni bo‘lishdi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar — g‘alabalar soni va qora donalarda o‘ynalgan partiyalar bo‘yicha Sindarov ustunroq bo‘ldi. Birinchi o‘rinni 6 ochko bilan Vinsent Keymer, ikkinchi o‘rinni esa 5,5 ochko bilan Karuana egalladi.
Super Chess Classic Romania ochilish marosimida Javohir Sindarov va Garri Kasparov. Foto: Lennart Ootes / GCT
“Grand Chess Tour’dagi ilk taassurotlarim: juda ajoyib va unutilmas bo‘ldi! Qiziqarli va keskin partiyalar, kuchli hissiyotlar va, albatta, shaxmat afsonasi Garri Kasparov bilan uchrashuv. Ushbu turnirlarda meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga, hamda alohida homiyim @nbu.offcial’ga katta rahmat. Oldinda bundan ham kattaroq yutuqlar bor!” — deb yozdi Sindarov Instagram’da.
Uchinchi o‘rin va turnirda alohida mukofot beriladigan ikki g‘alaba Javohirga 63 ming dollar hamda Grand Chess Tour uchun 7,5 ochko keltirdi. Ayni paytda u ikki turnir yakuniga ko‘ra 10,5 ochko bilan umumiy hisobda to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Unda hali yana bir musobaqa — avgust oyida Sent Luisda o‘tadigan tezkor shaxmat turniri bor.
Source: www.gazeta.uz