O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-avgustgacha xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinadi. Bu 12-may kuni qabul qilingan “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida (PQ-179-son) belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2026–2028-yillarda qoramollar sonini 16,5 million boshga, qo‘y va echkilar sonini 30 million boshga, parrandalar sonini esa 141 million boshga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, go‘sht va sut mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga olib chiqish hamda ozuqabop ekinlar maydonlarini 1,5 baravarga kengaytirish maqsad qilingan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlik huzurida maxsus jamg‘arma ham tuziladi. Yangi tuzilma chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yaylovlardan oqilona foydalanish, monitoring olib borish va ozuqa bazasini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi.
2027-yil hosilidan boshlab chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda paxta va g‘alla maydonlarining 50 foizigacha qismiga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi. Maydoni kamida 10 gektar bo‘lgan sug‘oriladigan yerlarning 20 sotixgacha qismida ozuqa saqlash va chorva ko‘paytirish inshootlarini qurish mumkin bo‘ladi. Har bir sotixda kamida 3 bosh qoramol boqilishi shart etib belgilangan. Mazkur obyektlarni qurishda noqonuniy nobudgarchilik uchun to‘lovlar 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib undiriladi.
Sun’iy urug‘lantirish tizimini rivojlantirish maqsadida tarmoq oliygohlarida 10 kunlik bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi. Kursni tugatgan texnik-osemenatorlarga zarur uskunalar bepul beriladi va xarajatlari uchun 2 million so‘mgacha kompensatsiya ajratiladi.
2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Embrion transplantatsiyasi orqali olingan buzoqlar uchun subsidiya miqdori 700 ming so‘mni tashkil etadi.
Qarorga muvofiq, tijorat banklariga chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun Davlat jamg‘armasidan 1 trillion so‘m hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar ajratiladi.
Tadbirkorlarga chorvachilik majmualari qurish, nasldor mol xarid qilish va naslli buqa urug‘i korxonalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar beriladi. Yillik 10 foiz stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Naslli buqa urug‘i korxonalari uchun bu limit 20 milliard so‘mgacha etadi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” orqali chorvachilik kreditlarini ajratish jarayoni to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi.
Source: www.gazeta.uz