Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida 9 yoshli bolani cho‘kishdan qutqarib qolgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi, mayor Husniddin Sharapov, vazir tomonidan “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Husniddin Sharapov voqea tafsilotlarini aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishdan uyga qaytib, kiyimini almashtirayotganida katta o‘g‘li yugurib kelib: “Dada, choping, daryoga bola cho‘kib ketyapti”, deb xabar bergan. Sharapov darhol daryo tomon yugurgan.

“Yo‘ldan biror narsa sindirib oldim, tortib olaman deb”, deydi u. Daryo bo‘yiga yetib borganda, ikki bola “Ukam cho‘kib ketdi” deb baqirishayotgan edi. Sharapov velosipedni suvga tashlab, bolaga yetkazishga urungan, ammo bola qotib qolgani uchun ushlay olmagan.

Shundan so‘ng Sharapov o‘zi suvga tushgan. Bolani tortib olib, yelkasiga ko‘targan, ammo bola qo‘rquvdan uni suvga bosgan. Shu payt uning akasi va qo‘shnisi yordamga kelgan. “Xudo deb baqirdim, akam bir narsa tashladi. Birinchi bolani chiqarib yubordim”, deydi u.

Qutqaruv ishlaridan so‘ng Sharapov qishloq ahlini ogohlantirish uchun video yozib, ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Keyin bolaning kimligini aniqlab, uyiga olib borib, issiq suv ichirib, yuvintirib, adyolga o‘rab, oilasiga topshirgan.

Source: www.gazeta.uz