O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev milliy aviakompaniyani ko‘p yillar boshqargan Valeriy Tyanni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan “Shuxrat” medali bilan mukofotladi. Bu haqdagi farmon davlat rahbari tomonidan imzolandi.
Hujjatda Valeriy Tyanning davlat organlaridagi ko‘p yillik samarali faoliyati, mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, jumladan fuqarolik aviatsiyasini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari alohida qayd etilgan. Shuningdek, u mamlakatda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning tinchliksevar siyosatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda yosh avlodni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.
Valeriy Tyan (1946-yilda tug‘ilgan) 1998−2002-yillarda parvozlar xavfsizligi bo‘yicha davlat inspeksiyasini boshqargan. 2002-yil iyundan 2017-yil avgustgacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. U Krasnokutsk uchuvchilar maktabi va Leningrad fuqarolik aviatsiyasi akademiyasini tamomlagan bo‘lib, An-2, An-24, Il-62, Il-76, Il-86, A-310 hamda Boeing 757/767 samolyotlarida komandir sifatida parvoz qilgan.
2010−2020-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan. 2020-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib tayinlangan. Hozirda esa “Birodar shaharlar alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti raisi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Source: www.gazeta.uz