Toshkent shahri Bektemir tumani soliq inspeksiyasida korrupsiya holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani holati bo‘yicha ariza kelib tushganidan xabar topgan.
U xizmat mavqeidan foydalanib, ushbu murojaat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va ishni sudga taqdim etmaslik evaziga tadbirkordan 4 mln so‘m miqdorida pora talab qilgan.
Shu’ba boshlig‘i mazkur pul mablag‘ini soliq inspeksiyasi inspektori orqali olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu inspektorning avvalgi qonunbuzarliklari ham aniqlangan. Xususan, u aprel oyida aynan mana shu do‘konda boshqa bir mijozga savdo cheki berilmagani holati bo‘yicha kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirish evaziga 1,5 mln so‘m olgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda ushbu soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz