Raqobat qo‘mitasi xususiy aviakompaniyalar — Centrum Air va Qanot Sharq faoliyati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (O‘zaviatsiya) so‘rov yubordi. Bunga reyslarning kechikishi, ortiqcha bilet sotilishi va yo‘lovchilar huquqlari buzilayotgani haqidagi murojaatlar sabab bo‘lgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aviaqatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Xususan, 2025-yilda bunday murojaatlar 127 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida ular soni 145 taga yetgan. Murojaatlar tahlilida ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish — 110 ta, belgilangan vaqtga amal qilmaslik — 90 ta va sifatsiz xizmat ko‘rsatish — 72 ta holat aniqlangan.
Qo‘mitaga ko‘ra, yo‘lovchilar asosan aviakompaniyalar tomonidan xizmatlar haqida yetarli va tushunarli ma’lumot berilmasligi, oldindan bron qilingan joy bo‘lishiga qaramay samolyotga chiqarilmaslik, reyslarning bir necha soatlab kechikishi hamda zarar uchun kompensatsiya to‘lanmasligidan shikoyat qilmoqda.
O‘rganishlarda Centrum Air va Qanot Sharq tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalari, Havo kodeksi va Fuqarolik kodeksining ayrim talablariga yetarlicha rioya qilinmayotgani qayd etilgan.
Xususan, reys kechikkan yoki parvoz amalga oshmagan holatlarda yo‘lovchilarni oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash, mehmonxonaga joylashtirish, aeroport va vaqtinchalik yashash joyi o‘rtasida transport tashkil etish kabi majburiyatlar to‘liq bajarilmagani aytilmoqda.
Shuningdek, yo‘lovchilar soni ortiqcha bo‘lgan taqdirda, aviakompaniyalar qolgan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirishi, kompensatsiya taklif qilishi va keyingi reysga joy bron qilishi lozimligi eslatilgan.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi Fuqaro aviatsiyasi agentligidan mazkur aviakompaniyalar faoliyati, jumladan reyslarning kechikishi, samolyotlardagi texnik nosozliklar va xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqish hamda zarur choralar belgilashni so‘ragan.
Qo‘mita shu bilan birga 2025−2026-yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritgan barcha aviakompaniyalar kesimida reyslar kechikishi, uning sabablari va yo‘lovchilarga to‘langan kompensatsiyalar bo‘yicha tahliliy o‘rganish o‘tkazayotganini ma’lum qildi.
Fuqarolar aviatashuv xizmatlarida huquqlari buzilgan deb hisoblasa, Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.
2025-yil dekabrida ikki fuqaro Centrum Airning chiptalarni ortiqcha sotgani sababli Istanbul-Namangan reysiga sig‘may qolgani xabar berilgan edi. Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan ularning huquqlari tiklangan. Xususan, aviakompaniya ularga 500 yevro kompensatsiya, 865 ming so‘m tovon va yana bir qator imtiyozlar bergan.
Source: www.gazeta.uz