Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Ahmadbek Yusupov Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) raisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy xabar berdi.
Ahmadbek Yusupov 2015-yil 11-noyabrdan buyon OAKga rahbarlik qilib kelayotgan edi. U 1958-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, iqtisodiyot fanlari doktori, professor ilmiy unvoniga ega.
1979-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan Yusupov mehnat faoliyatini Toshkent charm va sport buyumlari ishlab chiqarish birlashmasida boshlagan. Keyinchalik Shayxontohur tumani yoshlar ittifoqi qo‘mitasi, Ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganish kengashi, Iqtisodiyot instituti hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida turli lavozimlarda ishlagan.
2000-2005-yillarda O‘zbekiston prezidenti devonida bosh konsultant bo‘lib faoliyat yuritgan. Shuningdek, 2005-2012-yillarda OAK bosh ilmiy kotibi, 2014-yilda prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari, 2015-yilda esa prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
Ahmadbek Yusupov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Avvalroq Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
Source: www.gazeta.uz