Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Yashar Güler O‘zbekistonga harbiy maslahatchilar guruhi yuborilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “do‘stona va birodar mamlakatlar” o‘z armiya tuzilmalarini Turkiya namunasida yaratishdan manfaatdor va “O‘zbekiston ana shunday davlatlardan biri”.
Vazir harbiy maslahatchilar guruhi avval Ozarbayjonga yuborilganidek, O‘zbekistonga ham yo‘naltirilganini ta’kidladi. 2026-yil yanvarida O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirlari qo‘shma mashg‘ulotlar, kadrlar tayyorlash va harbiy-tibbiy hamkorlikni o‘z ichiga olgan hamkorlik rejasini imzolagan edi.
Turkiyaning O‘zbekistonda qo‘llayotgan modeli avval Ozarbayjonda sinovdan o‘tgan. 2021-yilda Shusha deklaratsiyasi imzolangach, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tizimli tus oldi. Hujjat ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamladi, harbiy integratsiya elementlari va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash majburiyatlarini o‘z ichiga oldi.
Ushbu hamkorlik doirasida Boku armiyasini Turkiya standartlari bo‘yicha modernizatsiya qildi, qo‘shma mashg‘ulotlar sonini oshirdi va mudofaa sanoatida, jumladan Bayraktar dronlaridan foydalanishda yaqin kooperatsiyani yo‘lga qo‘ydi.
Source: kun.uz