Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi 275-maktabda 9-sinf o'quvchisini kaltaklagan o'qituvchi Zokirjon Omonovga nisbatan jinoiy ish to'xtatildi. Rasmiylarning fikricha, o'quvchi o'zining nojo'ya xatti-harakatlari bilan o'qituvchini zo'ravonlikka undagan. Ota-onalar esa ma'muriy javobgarlikka tortildi.

19-may kuni Mirzo Ulug'bek tumanidagi 275-maktabda informatika darsi vaqtida o'quvchi R.R. (2010-yilda tug'ilgan) va o'qituvchi Zokirjon Omonov (2002-yilda tug'ilgan) o'rtasida mojaro yuz berdi. Internetda tarqalgan videolarda o'qituvchi o'quvchini kaltaklayotgani aks etgan. Dastlab o'qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan o'rtacha og'irlikdagi sog'liqqa zarar yetkazish) bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan edi.

25-may kuni IIV matbuot kotibi Shohrux G'iyosov jinoiy ishning to'xtatilganini e'lon qildi. 26-mayda esa norasmiy Telegram kanallarida va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan tergov yakunlari haqida videoreportaj tarqatildi. Unda voqea 'adolatli hal qilindi' deb baholangan.

O'qituvchining tushuntirishicha, dars vaqtida bir o'quvchi boshqasiga suv sepgan, janjal kelib chiqqan. O'qituvchi ikkalasini sinfdan chiqarishni istagan, ammo R.R. qarshilik ko'rsatgan: 'Qo'lingni ol' deb baqirgan, musht bilan urgan, oyog'imdan ushlab yiqitmoqchi bo'lgan, eshikni tepgan va so'kindi. Men qizib ketdim, lekin uning munosabatidan keyin shunday bo'ldi', deydi Omonov.

Maktab jamoasining so'zlariga ko'ra, ushbu o'quvchilar ilgari ham yomon xulq-atvori bilan ajralib turgan. Bir o'qituvchi 7-may kuni ushbu o'quvchilardan biri tomonidan og'ir haqorat qilinganini aytib, yig'lab berdi: '20 yillik ish stajimda hech bir o'quvchi meni bunday haqorat qilmagan'.

Yig'ilishda Toshkent shahar IIBB boshlig'i Ravshan Sultonxo'jayev o'qituvchiga nisbatan jinoiy ish to'liq to'xtatilganini ma'lum qildi. Pedagogik jamoa buni olqishlar bilan kutib oldi. Sultonxo'jayev: 'O'qituvchiga ko'tarilgan har qanday qo'l, har qanday haqorat javobsiz qolmaydi. Bolaning tarbiyasi uchun ota-onalar bevosita javobgardir', dedi.

IIV birinchi o'rinbosari - Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig'i general Rustam Jo'rayev barcha o'qituvchilarga murojaat qilib: 'Sizlar hurmatli prezidentimiz va ma'muriyat rahbariyati himoyasidasiz. Orqangizda armiya, pogonli odamlar, generallar turibdi!' dedi.

Source: kun.uz