O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni milliy bayram – Mustaqillik kuni munosabati bilan tabrikladi. Maktubda davlat rahbari qardosh respublikaga barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.
Mirziyoyev so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli yangi bosqichga chiqqanini qayd etdi.
“Siz bilan muntazam uchrashuvlar va muloqotlar natijasida erishilgan muhim kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishi ko‘p qirrali aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman”, deyiladi tabrikda.
Prezident, shuningdek, yaqinda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaharlar forumining 13-sessiyasini alohida tilga oldi. Uning muvaffaqiyatli tashkil etilishi Ozarbayjonning xalqaro maydondagi nufuzi oshayotganining yana bir tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu forumning ochilish marosimida ishtirok etgan edi. Tadbir shaharlarning barqaror rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan edi.
Source: podrobno.uz