Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi yo‘l harakati xodimini urib o‘ldirgan mahalliy fuqaroga hukm chiqardi. Sud haydovchini huquq-tartibot xodimlarining qonuniy talablariga qasddan bo‘ysunmaslik, yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish va xavfli vaziyatda qoldirishda aybdor deb topdi.

Fojiali voqea o‘tgan yilning noyabr oyida tungi vaqtda sodir bo‘lgan. Sudlangan shaxs Onix rusumli avtomobilni juda yuqori tezlikda boshqarib, yo‘l harakati xavfsizligi inspektorining to‘xtash haqidagi qonuniy talabini e’tiborsiz qoldirgan. Ichki ishlar xodimlari huquqbuzar haqidagi ma’lumotni radioprikas orqali keyingi postdagi hamkasblariga uzatgan.

Xabarni olgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori yaqinlashayotgan avtomobilni to‘xtatish uchun yo‘l qatnov qismiga chiqqan. Biroq haydovchi tezlikni pasaytirish o‘rniga, xizmat vazifasini bajarayotgan xodimni urib yuborgan. Og‘ir jarohatlar natijasida yo‘l harakati xavfsizligi inspektori voqea joyida vafot etgan.

Ish materiallarini ko‘rib chiqib, sud haydovchining harakatlarini Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish), 266-moddasi 2-qismi (harakat xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (xavfli vaziyatda qoldirish) bilan kvalifikatsiya qilgan. Erkak kishiga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish va barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan 3 yilga mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq poytaxtning Chilonzor tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 2024-yilda xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l harakati xodimini urib yuborgan BYD Han avtomobili haydovchisiga hukm chiqargan edi. Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi (jabrlanuvchining xizmat burchini bajarishi munosabati bilan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) va 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybdor deb topgan. Dastlab sudlanuvchiga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, biroq qamoqda o‘tkazilgan vaqtni hisobga olib, jazoning yakuniy muddati 5 yil 2 oy 9 kunni tashkil qilgan.

Source: podrobno.uz