Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilmiy darajalar berish jarayonidagi ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, dissertatsiyalarni himoya qilish jarayonini raqamlashtirish orqali uni 50 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, ko‘p miqdordagi hujjatlarni chop etish, katta hajmdagi avtoreferatlarni tayyorlash va dissertatsiyalarni qayta muhokama qilish kabi ortiqcha talablar bekor qilinadi.
Bu tadqiqotchilar uchun qulay sharoit yaratish, vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirish imkonini berishi qayd etilgan.
Shuningdek, fan va real iqtisodiyot integratsiyasini kuchaytirish maqsadida “Loyiha doirasida ilmiy daraja” va “Amaliy doktorantura” dasturlarini joriy etish taklif qilingan. Ushbu dasturlar amaliy tadqiqot loyihalari doirasida PhD darajasini olish imkoniyatini beradi.
Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda olib borilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Source: uznews.uz