Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident Shavkat Mirziyoyevga yirik infratuzilma loyihalari taqdimoti yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishini joriy yilning iyul oyida boshlash rejalashtirilmoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, gap ikkita “eng yirik, tarixiy” loyiha — Toshkent va Samarqandni bog‘laydigan yangi pulli yo‘l hamda yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi haqida ketmoqda. “Biz tashkiliy va yakuniy ishlarni nihoyasiga yetkazdik, quruvchilarni aniqlab oldik va joriy yilning iyul oyida qurilish ishlarini boshlashga tayyor ekanimizni ma’lum qildik”, — dedi vazir. Shu bilan birga, EPC-shartnomasini iyun oyida imzolash kutilmoqda.

Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, prezident loyiha ustidan nazoratni amalga oshirish uchun xalqaro kompaniyani jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan. “Muhtaram prezidentimiz ushbu yo‘l bo‘yicha — bu tarixiy va uzun magistral bo‘lgani uchun — nazoratni, ya’ni texnik nazoratni amalga oshirish va qurilish sifatini nazorat qilish uchun xalqaro kompaniyani jalb etish bo‘yicha alohida topshiriq berdilar. Shuningdek, ushbu kompaniya loyiha ishlari doirasida loyiha yechimlarini ekspertizadan o‘tkazishi ko‘zda tutilmoqda”, — deya qayd etdi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi (shundan 108 km Jizzax viloyati va 47 km Samarqand viloyati hududidan o‘tadi). Uning qayd etishicha, bugungi kunda ikki shahar o‘rtasidagi mavjud yo‘l o‘zining o‘tkazuvchanlik qobiliyatidan ko‘ra ko‘proq avtomobilni o‘tkazmoqda. “Yangi loyiha tirbandliklarni bartaraf etish imkonini beradi va odamlarga Samarqandga yoki belgilangan manzilga 2−2,5 baravar tezroq yetib borishga sharoit yaratadi”, — dedi Ilhom Mahkamov.

U, shuningdek, loyiha bo‘yicha quruvchi kompaniya allaqachon aniqlanganini ma’lum qildi. “Biz uzoq vaqt davomida tender o‘tkazdik va saralash natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Xitoy kompaniyasi aniqlandi. U bilan shartnomalar tuzish va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, — deb ta’kidladi transport vaziri, biroq tanlov g‘olibi nomini hozircha ochiqlamadi.

O‘zbekiston Milliy banki raisi Alisher Mirsoatov loyiha qiymati 2,185 mlrd dollarni tashkil etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani to‘rt bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, prezident Milliy bankka “zarurat tug‘ilganda loyihani mablag‘ bilan ta’minlash” bo‘yicha topshiriqlar bergan.

“Loyihani moliyalashtirishga Xitoyning bir nechta banki jalb etiladi. Bular — Xitoy davlat taraqqiyot banki, Xitoy Eksport-import banki va Xitoy Kommunikatsiyalar banki”, — dedi Milliy bank rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, bankka ushbu moliya institutlari bilan ishlash va ularni loyihani moliyalashtirishga jalb qilish vazifasi yuklatilgan.

Transport vaziri taqdimotiga ko‘ra, loyiha doirasidagi qurilish ishlarining uzluksizligini ta’minlash uchun bir yil muddatga 200 mln dollarlik brij-kredit jalb etilishi mumkin.

Prezident administratsiyasining Transport va logistikani rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari Otabek Ungboyevning aytishicha, taqdimotda transport sohasiga oid uchta masala ko‘rib chiqilgan. “Biz muhtaram prezidentga transport sohasidagi uchta masala bo‘yicha axborot taqdim etdik va tegishli qarorlar loyihalari ma’qullandi”, — dedi u.

U pulli yo‘l loyihasining moliyalashtirish tarkibiga aniqlik kiritdi. “Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining qiymati 2 mlrd 185 mln dollarni tashkil etadi. Bu summaning 85 foizi xorijiy tomon mablag‘larini jalb qilish hisobidan (Xitoy banklari — 1,857 mlrd dollar), 15 foizi esa O‘zbekiston Respublikasi budjeti hisobidan (328 mln dollar) moliyalashtiriladi”, — dedi Prezident administratsiyasi vakili.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent — Samarqand pulli yo‘li avvalroq 2,25 mlrd dollarga baholangan edi. U Sergeli tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan boshlanadi. Hukumat trassani Toshkent — Sirdaryo qismidan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Tariflar aholining moliyaviy imkoniyatlari inobatga olingan holda sarmoyadorlar bilan muzokaralardan so‘ng belgilanadi.

Yo‘l I-a toifasiga mansub bo‘lib, sement-beton qoplamaga va har bir yo‘nalishda uchtadan harakat bo‘lagiga ega bo‘ladi. Loyihaviy tezlik soatiga 150 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 12 ta yo‘l bog‘lamalari, 60 ta tunnel o‘tish yo‘lagi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘lo‘tkazgich va 258 ta drenaj inshooti qurish, shuningdek, intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz