Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

20-may kuni Vazirlar Mahkamasi Chirchiq shahrida qarovsiz hayvonlarni tutish va saqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hozirda “Ma’rifat” MFY hududidagi mavjud pitomnikda 600 dan 1000 tagacha hayvonlar saqlanmoqda, asosan ko‘ngillilar mehnat qiladi.

Qaror bilan Toshkent viloyati hokimligi va Veterinariya qo‘mitasining taklifi asosida zamonaviy yondashuvlar bilan 4000 bosh hayvonlarga mo‘ljallangan yangi pitomnik qurish va jihozlash belgilandi. Buyurtmachi – Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi.

Yangi pitomnikda veterinariya punktlari, karantin zonalari va izolyatsiya xonalari tashkil etiladi. Shuningdek, qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limi shtat birliklari 2 nafardan 15 nafargacha oshiriladi.

2026-yilda pitomnikni qurish, jihozlash va obodonlashtirish, shuningdek, qo‘shimcha 13 shtat birliklarini saqlash Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. 2 ta maxsus avtotransport, kiyim-kechak va tutish anjomlari mahalliy budjetdan xarid qilinadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Chirchiq shahri hokimligiga 8 milliard so‘m ajratadi. Qurilishda texnik nazorat uchun konsultantlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jalb qilishga ruxsat berildi.

2028-yil yakuniga qadar pitomnikni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan, buning uchun pulli xizmatlar turlari ko‘paytiriladi.

Source: www.gazeta.uz