Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Tapuz Limited kompaniyasining O‘zbekistondagi OLX Classifieds MChJning 100% ulushini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi.
OLX Classifieds – bu OLX brendi ostida onlayn e’lonlar xizmatlarini taqdim etuvchi raqamli platforma operatori hisoblanadi.
Tahlil davomida qo‘mita Tapuz Limited’ning asosiy aksioneri TBC Bank Group PLC ekanligini, u orqali O‘zbekistonda TBC Bank Uzbekistan raqamli banki va Payme to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishini aniqladi. Shuningdek, Payme va OLX raqamli platformalar bozorida hukmron mavqega ega kompaniyalar reestriga kiritilgan.
Shu bilan birga, Tapuz Limited O‘zbekistondagi boshqa onlayn e’lonlar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarda ulushga ega emasligi aniqlandi.
Tahlil yakunlari bo‘yicha qo‘mita maxsus komissiyasi iqtisodiy kontsentratsiya bitimini oldindan kelishib, bir qator majburiy shartlarni belgiladi: TBC guruhi nazoratidagi boshqa raqamli platformalar orqali OLX foydalanuvchilariga asossiz ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi; OLX orqali to‘plangan ma’lumotlardan raqobatni cheklash yoki TBC Bank va Payme raqobatchilariga nisbatan ustunlik olish uchun foydalanish taqiqlanadi; raqobatchi kompaniyalar mijozlarining shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlarini oshkor qilish taqiqlanadi; hukmron mavqedan suiiste’mol qilish va iste’molchilar huquqlarini buzish taqiqlanadi; foydalanuvchilarni faqat Payme yoki TBC Bank xizmatlaridan foydalanishga majburlash orqali to‘lov usulini tanlashda cheklash taqiqlanadi.
Bundan tashqari, kompaniya raqobatdosh to‘lov xizmatlari uchun teng sharoitlarni ta’minlashi va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilishi shart.
Source: uznews.uz