1-may kuni Gazeta Toshkentdagi pulli avtoturargohlar tizimi operatori — Poytaxt Parking kompaniyasining shaharliklar tomonidan tez-tez berilayotgan savollarga javoblarini e’lon qilgandi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Ishonch.uz nashrida G‘ulomjon Mirahmedovning “Farqli savollar bor: yana Poytaxt Parkingʼga yuzlanamiz” sarlavhali materiali chiqdi.
Unda yana bir bor shahar yeri bepul bo‘lishi kerakligi, soliq shundog‘am benzin narxiga kiritilgani, yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joylari tirbandliklarga sabab bo‘lishi kabi keng tarqalgan vajlar keltirildi. Gazeta ushbu vajlar bo‘yicha izoh berishni so‘rab jamoat transporti sohasidagi yechimlar bo‘yicha mustaqil ekspert Vladimir Valdinga murojaat qildi.
Ekspert bu savollarga Poytaxt Parking operatorining emas, balki umumjahon pulli to‘xtash joylari tizimining himoyachisi nuqtai nazaridan javob berdi. Uning ta’kidlashicha, yer hech kimga tegishli emas va ayni paytda hammaniki, lekin yer jamiyat manfaatlari yo‘lida ishlatilishi kerak.
“Bepul narsaning o‘zi yo‘q. Agar biror makon jamoat mulki hisoblansa, jamiyat uning barcha uchun ochiq bo‘lishidan manfaatdor. Bordi-yu, yo‘lning biror qismidan kimningdir vaqtinchalik ko‘chmas mulkini saqlash uchun foydalanilsa, demak, u endi jamoat joyi emas”, — dedi Valding.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, pulli avtoturargohlar mobillashuvni boshqarishning muhim vositasidir. Maqsad — avtoturargoh joylarini hamma o‘z mashinasini qo‘yishni istaydigan darajada jozibador qilib qo‘ymaslik, faqat haq to‘lashga tayyor bo‘lganlargina kelib, o‘z avtomobilini qoldira olishi kerak.
Ekspert, shuningdek, avtomobillashuvning kuchayishi umumiy muammo ekanini va agar to‘lov undirish usuli bilan mashinasini qoldirishni istovchilar ko‘p bo‘lgan hududlar cheklanmasa, shahar oxir-oqibat bitta katta avtoturargohga aylanib qolishini ta’kidladi.
“Yer shaharda eng qimmat resurs. Agar biz yo‘lning biror qismini tartibga solinmaydigan avtoturargoh uchun ajratsak, u ortiq yo‘lning qatnov qismi bo‘lmay, kimningdir ko‘chmas mulkini vaqtincha saqlash joyiga aylanadi”, — dedi Valding.
Uning qo‘shimcha qilishicha, pulli avtoturargohlar joriy etilganda, doimiy ravishda taxminan 20 foiz joy bo‘sh turishi kerak. Agar bo‘sh joylar ko‘proq bo‘lsa, demak, to‘xtash joyi juda qimmat; agar kamroq bo‘lsa, demak, u juda arzon.
Ekspert, shuningdek, shahar to‘lov joriy etish orqali avtoturargohlarni rivojlantirish va tartibga solish bilan bir qatorda, jamoat transportini rivojlantirishga ham ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz