Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2025-yilda O‘zbekistonda ishsizlik nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari uchun ajratilgan byudjet mablag‘larining 75 foizi o‘zlashtirilmagan. Bu haqda 3-iyun kuni deputat Sayyora Imomova ma’lum qildi.

U qashshoqlikni qisqartirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi. O‘tgan yili davlat byudjetidan qashshoqlikni qisqartirish dasturlarini amalga oshirish uchun 45,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, bu barcha davlat xarajatlarining 11,9 foizini tashkil etadi.

Deputatning ta’kidlashicha, Qashshoqlikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltirilgan 485,6 milliard so‘mning atigi 63,9 foizi o‘zlashtirilgan. Shu bilan birga, tegishli jamg‘arma orqali ajratilgan mablag‘larning 48,6 milliard so‘mi yoki 75 foizi foydalanilmay qolgan. Sayyora Imomova subsidiyalar bo‘yicha ham ma’lumot keltirdi: ajratilgan mablag‘larning 27 foizi ishlatilgan.

Deputat alohida e’tiborni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash holatiga qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida 40 ming nafar ayolga subsidiya berish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ushbu yordam chorasidan atigi 7 ming kishi foydalana olgan. Shunday qilib, 33 ming nafar ayol tadbirkorlik va bandlik sohasida va’da qilingan yordamsiz qolgan.

Bunga javoban bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Murodov reja ko‘rsatkichlarining bajarilmasligi qo‘llab-quvvatlash mexanizmining o‘zgarishi bilan bog‘liqligini aytdi. Avval subsidiyalar shaklida ajratilgan mablag‘larning bir qismi kreditlar formatiga o‘tkazilgan. Bundan tashqari, raqamlashtirish jarayoni ham mablag‘larning o‘zlashtirilish ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatgan.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yetarlicha talab bo‘lmagan yoki samaradorligi past bo‘lgan 14 turdagi subsidiyalar bekor qilingan. Buning o‘rniga kam ta’minlangan oilalarni maqsadli qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalari, jumladan, tadbirkorlik faoliyati va bandlikka ko‘maklashish uchun foizsiz kreditlar joriy etilgan.

Yig‘ilishda chiqish qilgan Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2026-yilda mablag‘lar sarfini nazorat qilish kuchaytirilishiga ishontirdi. “Joriy yilda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilamiz. Hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra ayollarga beriladigan subsidiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar va yaxshi natijalarni taqdim eta olamiz deb umid qilamiz”, dedi Qo‘chqorov.

Source: kun.uz