Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining ikki nafar inspektori pora olganlikda gumonlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXQ) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, inspektorlar o‘zaro til biriktirgan holda xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga “Chilonzor buyum bozori kompleksi” AJdan uchta savdo do‘konini ijaraga olishda yordam berishni va’da qilgan. Ular o‘z tanishlari orqali tadbirkorning MCHJini ochiq savdo tenderida g‘olib chiqishini ta’minlab bermoqchi bo‘lgan.

Do‘konlarni ijaraga olish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirib berish evaziga inspektorlar 5 ming dollar talab qilgan. Tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. DXQ qo‘shimcha ma’lumotlar tergov siri sifatida oshkor etilmasligini ma’lum qildi.

Source: www.gazeta.uz