️ 13-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 32 yoshli fuqaro N.M.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, N.M. 2024-yil noyabrida Moskvada bo‘lgan vaqtida Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan.
️ Sud materiallarida qayd etilishicha, N.M. 2024-yil 9-noyabrdan 2026-yil yanvarigacha Rossiya nazoratidagi Lugansk hududida jangovar harakatlarda ishtirok etgan. U 58-armiyaning 3-bataloni, 291-polki tarkibida oddiy askar sifatida xizmat qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi uning chap yelkasida snaryad parchalari saqlanib qolganini aniqlagan.
️ Sudda N.M.ning aytishicha, 2024-yil 8-noyabr kuni Moskvada ishdan qaytayotganda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan ushlangan. Hujjatlari tekshirilganda ro‘yxatdan o‘tgan yashash manzili topilmagan va unga 5 ming rubl jarima tayinlangan. Ertasi kuni qayta borganida unga harbiy xizmat shartnomasi tuzilgani aytilgan va avtobusda o‘quv markaziga olib ketilgan.
️ N.M. 2024-yil noyabridan 2026-yil yanvarigacha Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan. 2025-yil iyun oyida Ukrainaning Sadova qishlog‘i hududida uchuvchisiz uchish qurilmasi hujumiga uchrab, chap yelkasi va oyog‘idan jarohat olgan. Gospitalda 20 kun davolanganidan keyin yana xizmatga qaytarilgan.
️ 2026-yil yanvar oyida bir oylik ta’tilga chiqib, Moskvaga kelgan. O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘lanib, mamlakatni tark etishda cheklovlar yo‘qligini bilgan. 26-fevral kuni Vnukovo aeroportidan Navoiyga uchib kelgan va doimiy yashash manziliga qaytgan.
️ Sudda N.M. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan va yengillik so‘ragan. Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) va 154-1-moddasi 1-qismi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga kirish) bilan aybdor topgan. 154-moddada yengilroq jazo tayinlash qo‘llanib, 4 yil ozodlikni cheklash, 154-1-moddada esa 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan.
️ Jazolar qisman qo‘shilib, N.M.ga uzil-kesil 4 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Sud uning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi yashash joyini tark etishini taqiqlagan, probatsiya organining ruxsatisiz manzilni o‘zgartirmaslik va Samarqand viloyati hududidan chiqmaslik majburiyati yuklatilgan. Nazorat Kattaqo‘rg‘on tumani probatsiya bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Source: www.gazeta.uz