Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston fuqarolari quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan va umumiy tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun subsidiyalarning o‘z vaqtida to‘lanmasligidan shikoyat qilmoqda. Ba’zi hollarda hisoblangan mablag‘lar bir necha oy davomida to‘lanmay kelmoqda.

Kun.uz tahririyati so‘nggi bir hafta ichida bir qancha murojaatlarni oldi. Farg‘onadan bo‘lgan bir fuqaro subsidiyalar 25 maydan beri to‘lanmayotganini va bu muammo butun respublika uchun dolzarb ekanini ta’kidladi.

Energetika vazirligi bu masala Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatiga kirishini ma’lum qildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa ish olib borilayotgani va yaqin vaqt ichida rasmiy ma’lumot berilishini bildirdi.

2023-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda “Quyoshli uy” dasturi amal qilmoqda. Unga ko‘ra, quvvati 50 kVt·soatgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatgan jismoniy shaxslar o‘z ehtiyojlaridan ortiqcha yagona energiya tizimiga uzatilgan har bir kVt·soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiya oladi.

Tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi hajmi hisoblagichlar bilan qayd etiladi, hisoblangan summalar “Soliq” mobil ilovasida aks etadi. Xalq orasida bu mablag‘lar ko‘pincha “keshbek” deb atalsa-da, amaldagi tartibga ko‘ra ular subsidiya sifatida belgilangan.

Avvalroq, o‘zbekistonliklarning quyosh elektr energiyasini sotishdan olgan daromadlari 9 barobarga oshgani xabar qilingan edi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida 45,2 ming jismoniy shaxs quyosh panellaridan tarmoqqa elektr energiyasini sotgan va 73,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ olgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan subsidiya oluvchilar soni 3,5 barobarga, to‘lovlar miqdori esa 9 barobarga oshgan.

Source: kun.uz