Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

18-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida Vision Invest, Voltalia, Veolia, Coca-Cola, Crowe Capital va boshqa kompaniyalar investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar bilan chiqdi.

Ular orasida muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish, qayta tiklanuvchi energetika loyihalari uchun ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat-xususiy sheriklik uchun alohida soliq rejimini joriy etish, ESG bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va Korporativ boshqaruv milliy kodeksini yangilash kabi tashabbuslar bor.

Vision Invest prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar Al-Midani muqobil investitsiya jamg‘armalarini rivojlantirish taklifi bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon amaliyotida bunday jamg‘armalar professional investorlar kapitalini xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish uchun jamlaydi. Taklif etilayotgan qonun loyihasi GP-LP modeli bo‘yicha sheriklik kabi xalqaro darajada tan olingan tuzilmalarni joriy etadi.

Voltalia bosh ijrochi direktori Robert Klyayn kompaniya 2022-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganini va qayta tiklanuvchi energetika sohasida loyihalarni amalga oshirayotganini ma’lum qildi. U investorlar uchun ma’muriy to‘siqlarga e’tibor qaratib, mavjud tartib-taomillarni soddalashtirishni taklif qildi.

Veolia kompaniyasining strategiya, innovatsiyalar va ko‘p tomonlama samaradorlik bo‘yicha katta ijrochi vitse-prezidenti Sebastyan Datsiano O‘zbekistondagi islohotlar davlat-xususiy sheriklik samaradorligini namoyon etganini ta’kidladi. U DXSH doirasidagi dasturlar uchun alohida soliq rejimini tasdiqlashni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Veolia vakilining chiqishini sharhlar ekan, kompaniya takliflari nafaqat uning o‘ziga, balki boshqa investorlarga ham taalluqli ekanini ta’kidladi va tegishli takliflarni Soliq kodeksiga kiritish lozimligini qayd etdi.

Coca-Cola kompaniyasining Yevroosiyo va Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha prezidenti Klaudiya Lorenso barqaror rivojlanish, ESG va sirkulyar iqtisodiyotga bag‘ishlangan takliflar bilan chiqdi. U kompaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 500 mln dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.

Crowe Capital kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha ijrochi direktori Filipa Korreyya korporativ boshqaruvni rivojlantirish, xususan, Korporativ boshqaruv milliy kodeksini yangilash zarurligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz