Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston terma jamoasi Gonkongda bo‘lib o‘tgan FIDE rapid bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatini sakkizinchi o‘rinda yakunladi. 12 tur yakunlariga ko‘ra, jamoa 15 ochko to‘plab, 7 g‘alaba, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi.

Musobaqaning eng muhim voqealaridan biri Javohir Sindarovning sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan qozongan g‘alabasi bo‘ldi. 9-turda birinchi taxtadagi partiyada Sindarov Karlsenni mag‘lub etdi. Karlsen oldingi turlarda Arjun Erigaysi va Shant Sargsyanga ketma-ket yutqazib, bir turni o‘tkazib yuborgan edi.

WR Chess — O‘zbekiston uchrashuvi 3:3 hisobida durang bilan tugadi. Nodirbek Abdusattorov Uesli Soga, Nodirbek Yaqubboyev esa Fabiano Karuanaga mag‘lub bo‘ldi. Ochkolarni Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova va Akjol Rahmatullayev olib keldi.

O‘tgan yilga nisbatan O‘zbekiston terma jamoasi to‘rt pog‘ona pastladi. 2025-yili Londonda jamoa 17 ochko bilan 4-o‘rinni egallagan edi (7 g‘alaba, 3 durang, 2 mag‘lubiyat).

Rapid bo‘yicha jahon chempioni Xitoyning Dragon Chilling jamoasi bo‘ldi (18 ochko: 8 g‘alaba, 2 durang, 2 mag‘lubiyat). Ikkinchi o‘rinni Team MGD1, uchinchi o‘rinni Hexamind Chess Team egalladi.

O‘zbekiston terma jamoasida eng yaxshi natijani Nodirbek Yaqubboyev qayd etdi: 11 partiyada 7,5 ochko, reyting-performansi 2620. Javohir Sindarov 10 partiyada 6,5 ochko (4 g‘alaba, 5 durang, 1 mag‘lubiyat) to‘pladi, reyting-performansi 2708 — bu birinchi taxtadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri.

Nodirbek Abdusattorov 11 partiyada 6 ochko (performans 2574), Shamsiddin Vohidov 7 partiyada 4 ochko, Muhiddin Madaminov 9 partiyada 5 ochko jamg‘ardi. Ayollar taxtalarida Afruza Hamdamova 7 partiyada 5 ochko (performans 2421), Umida Omonova 5 partiyada 3 ochko, Akjol Rahmatullayev esa 12 turda 6 ochko to‘pladi.

Chempionat ikki qismdan — rapid va blitsdan iborat. Mukofot jamg‘armasi 500 ming yevro (rapidga 310 ming, blitsga 190 ming). Rapid g‘olibi 110 ming yevro oladi. Blits 20-iyun kuni boshlanadi, chorak final va final 21-iyunga belgilangan.

Source: www.gazeta.uz