Toshkent viloyati Chirchiq shahrida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Bo‘zsu kanalida oqim bilan ketayotgan erkakni qutqardi. Jabrlangan hushsiz holatda edi, ammo qutqaruvchilarning o‘z vaqtidagi harakatlari tufayli uni hushiga keltirishga muvaffaq bo‘lindi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hodisa kecha soat 13:00 atrofida “Sharq” mahallasi hududidan o‘tuvchi Bo‘zsu kanali uchastkasida sodir bo‘lgan. Profilaktik aylanma chog‘ida qutqaruvchilar suvda harakatsiz holda oqim bilan ketayotgan odamni payqab qolishgan.
Ular zudlik bilan suvga sho‘ng‘ib, jabrlanuvchini qirg‘oqqa olib chiqishgan va birinchi yordam ko‘rsatishgan. Reanimatsiya tadbirlaridan so‘ng erkak hushiga kelgan. Hozirda uning ahvoli xavotir uyg‘otmaydi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u ehtiyotsizlik tufayli kanalga yiqilib tushgan. Suzishni bilmaganligi sababli o‘zi chiqa olmagan va kuchli oqim qurboniga aylangan.
FVV aholini suv havzalari va kanallar yaqinida xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.
Source: kun.uz