Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov 2026-yilgi jahon chempionati boshlang‘ich turining eng tezkor o‘yinchilari qatoriga kirdi. Bu haqda BBC Sport FIFA jismoniy trekingining rasmiy ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Husanov Kolumbiyaga qarshi o‘yinda 36,5 km/soat tezlikni rivojlantirdi. Xuddi shunday ko‘rsatkich Norvegiya terma jamoasi va “Manchester Siti” hujumchisi Erling Xolandda ham qayd etilgan.

Birinchi turning eng tezkor o‘yinchisi Avstraliya terma jamoasi himoyachisi Jordan Bos bo‘ldi. Turkiyaga qarshi o‘yinda u 36,7 km/soat tezlikka erishdi.

Shu bilan birga, Husanov va Xoland bir qator mashhur tezkor futbolchilardan, jumladan Kilian Mbappe, Son Xin Min va Pedro Netudan o‘zib ketishdi.

Bu Husanov faoliyatidagi eng yaxshi tezlik ko‘rsatkichlaridan biridir. 2024-yilda “Lans” safida Fransiya chempionatida u 36,48 km/soat tezlikka erishgan va Liga 1'ning eng tezkor himoyachilari qatoriga kirgan. Chempionlar ligasida “Manchester Siti” tarkibida bo‘lganida, CIES Football Observatory ma’lumotlariga ko‘ra, uning maksimal tezligi 35,8 km/soatni tashkil etgan.

Husanov uchun boshlang‘ich turning eng tezkor o‘yinchilari qatoriga kirish O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlaridagi debyut o‘yini fonida uning jismoniy sifatlarining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

O‘zbekiston — Kolumbiya uchrashuvi Janubiy Amerika jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasining yagona golini Abbosbek Fayzullayev kiritdi — u jahon chempionatlarida milliy terma jamoaning birinchi gol muallifiga aylandi.

Abduqodir Husanov O‘zbekiston terma jamoasi mudofaasining yetakchilaridan biri. 2025-yilda u Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga o‘tdi va Angliya Premer-ligasidagi birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.

O‘zbekiston terma jamoasi K guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR bilan birga ishtirok etmoqda. Fabio Kannavaro jamoasi keyingi uchrashuvni 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.

Source: www.gazeta.uz